Arne Slot boshqaruvidagi «Liverpul» «Chelsi»ga qarshi oʻtkazgan toʻrtta oʻyinda atigi bir marta gʻalaba qozondi
«Liverpul» bosh murabbiyi Arne Slot Londonning «Chelsi» jamoasiga qarshi o‘tkazilgan to‘rtta o‘yinda bor-yo‘g‘i bir bor g‘alaba qozondi. Bugun, 9 may kuni mersisaydliklar poytaxt klubi bilan 1:1 hisobida durang o‘ynashdi.
«Liverpul» Slot qo‘l ostida oxirgi marta 2024 yilning 20 oktyabrida «Chelsi»ni mag‘lub etgan edi, o‘shanda jamoa 2:1 hisobida zafar quchgan. Ushbu g‘alaba va bugungi durangdan tashqari, Slot boshchiligidagi «Liverpul» londonliklarga ikki bor (1:2 va 1:3 hisoblarida) imkoniyatni boy bergan.
Angliya chempionatining 36 ta o‘yinidan so‘ng mersisaydliklar 59 ochko jamg‘argan holda APL turnir jadvalida to‘rtinchi o‘rinni egallab turibdi. «Ko‘klar» esa 49 ochko bilan 9-pog‘onadan joy olgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan turda Arne Slot jamoasi «Manchester Yunayted»ga 2:3 hisobida yutqazgan edi, London klubi esa «Nottingem Forest»dan 1:3 hisobida mag‘lubiyatga uchragan edi.