Arbeloa «Real»ning Alonso davrida amal qilgan mashgʻulotlar yondashuviga oʻzgartirish kiritdi
Madridning «Real» klubi yangi bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa Xabi Alonso davrida amal qilingan mashg‘ulotlar yondashuvini o‘zgartirishga qaror qildi. Endilikda «qirollik klubi» futbolchilari Chempionlar Ligasidagi safar uchrashuvlari oldidan mashg‘ulotlarni raqib mamlakat hududida o‘tkazadi. Bu haqda Marca nashri xabar bermoqda.
Manba ma’lumotlariga ko‘ra, yangi tamoyil darhol amaliyotga tatbiq etiladi. Seshanba kuni, 27 yanvar tongida Madrid jamoasi Chempionlar Ligasining 8-turi doirasida «Benfika»ga qarshi bahs uchun Lissabonga yo‘l oladi va yakuniy mashg‘ulotni kunning ikkinchi yarmida «Da Lush» stadionida o‘tkazadi.
Qayd etilishicha, Xabi Alonso «Real»ning o‘yindan oldingi mashg‘ulotlarini asosan Madridda o‘tkazishni afzal ko‘rgan va raqib stadionida bo‘lishni minimal darajada cheklab kelgan.