Arbeloa «Real» bosh murabbiyi lavozimidan chetlashtirilishi mumkin
Madridning «Real» klubi bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa iste’foga chiqarilishi mumkin. Bu haqda The Athletic nashri klubdagi anonim manbalariga tayanib xabar bermoqda.
Chempionlar Ligasining chorak final bosqichida jamoa ikki o‘yin natijasiga ko‘ra «Bavariya»ga 4:6 hisobida imkoniyatni boy berdi va musobaqani tark etdi.
Ispaniya La Ligasida esa klub peshqadamdan to‘qqiz ochkoga ortda qolmoqda — aynan shu natijalar fonida rahbariyat murabbiylar shtabida o‘zgarishlar qilishga qaror qilishi mumkin. Shunday bo‘lsa-da, klub mutasaddilari bunday qadamni faqat mavsum yakunlangach amalga oshirishlari ta’kidlanmoqda.
Buning sababi shundaki, hozir yangi murabbiy taklif qilishdan ma’no yo‘q, qolaversa, Arbeloa jamoaga sodiq inson hisoblanadi. Mutaxassis kiyinish xonasidagi muhitni yaxshilashga erishgan, bu esa may oyiga qadar professional muhitni saqlab turishga yordam beradi.
Alvaro Arbeloa 2026 yilning yanvar oyida «Real» boshqaruvini qo‘lga olgan edi. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2027 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan.