Arbeloa: «Darvozabon menga gol urishi birinchi marta kuzatilayotgani yoʻq»
Madridning «Real» klubi bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa Chempionlar Ligasining so‘nggi turida Lissabonning «Benfika» jamoasidan qabul qilingan alamli mag‘lubiyat (2:4) hamda darvozabon Anatoliy Trubinning goli haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
«Darvozabon menga gol urishi birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q. Shubhasiz, raqib tavakkal qilishga majbur edi. Biz maydonda ikki kishi kam bo‘lib qoldik, kuchli sakkizlikka kirish uchun esa bizga gol kerak edi. Ular ham, biz ham borimizni tikdik, ammo yakunda g‘alaba ularga nasib etdi», — deya Arbeloaning so‘zlarini keltirmoqda klub matbuot xizmati.
Lissabondagi drama «qirollik klubi» uchun kutilmagan yakun topdi. Uchrashuv oxirida, hisob 2:3 ko‘rinishida bo‘lib turganda, madridliklar bir necha daqiqa ichida ikki bor qizil kartochka olib, maydonda 9 kishi bo‘lib qolishdi. 90+8-daqiqada esa «Benfika» posboni Anatoliy Trubin «Real» darvozasini ishg‘ol qilib, o‘yinga yakuniy nuqtani qo‘ydi.
Ushbu mag‘lubiyat «Real»ni to‘g‘ridan-to‘g‘ri 1/8 finalga yo‘llanma beruvchi kuchli sakkizlikdan tushirib yubordi va jamoa 9-o‘rin bilan pley-offning o‘tish o‘yinlari zonasida qoldi. «Benfika» esa Trubinning goli evaziga to‘plar nisbati bo‘yicha «Marsel»ni ortda qoldirib, keyingi bosqich uchun zarur bo‘lgan so‘nggi — 24-pog‘onaga ko‘tarilib oldi.