Arbeloa: «Biz vaziyatni nazorat qilib turibmiz, nima boʻlayotganini va oʻzini qanday his qilayotganini bilamiz»
Madridning «Real» klubi bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa Ispaniya La Ligasining 27-turi doirasida «Selta»ga qarshi o‘yin oldidan jamoa hujumchisi Kilian Mbappening tiklanish jarayoni haqida ma’lumot berdi.
«Men Mbappe bilan har kuni gaplashaman. Biz vaziyatni nazorat qilib turibmiz, nima bo‘layotganini va o‘zini qanday his qilayotganini bilamiz. Bu kunma-kun kuzatib boradigan jarayon», — deya Arbeloaning so‘zlarini keltiradi Sport.es.
Eslatib o‘tamiz, fransiyalik hujumchi chap tizzasidagi paylarning cho‘zilishi tufayli safdan chiqqan. Ushbu jarohat uning Chempionlar Ligasi 1/8 finali doirasidagi «Manchester Siti»ga qarshi bahslarni o‘tkazib yuborishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Mbappe joriy mavsum «Real» safida barcha turnirlarda 33 ta o‘yinda maydonga tushib, 38 ta gol va 6 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan.