Arbeloa «Betis»ga qarshi durangdan soʻng hakamlarni tanqid qildi
Madridning «Real» klubi bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa La Liganing 32-turidan o‘rin olgan «Betis»ga qarshi o‘yindagi (1:1) hakamlikni tanqid ostiga oldi.
Ikkinchi bo‘limga qo‘shib berilgan vaqtda mezbonlar vingeri Antoni «qaymoqranglilar» jarima maydonchasi ichida himoyachi Ferlan Mendining qo‘lidan tortib qoldi, natijada fransiyalik futbolchi yiqildi. Braziliyalik esa to‘pni egallab, darvoza oldiga uzatdi. To‘p Antonio Ryudigerning tizzasidan qaytdi, so‘ngra «Betis» himoyachisi Ektor Belerin uni darvozaga yo‘llab, hisobni tenglashtirdi.
Birinchi bo‘limda esa Braim Diasning zarbasidan so‘ng to‘p jarima maydonchasi ichida bo‘lgan mezbonlar himoyachisi Rikardo Rodrigesning qo‘liga tegdi. Bosh hakam Sesar Soto Grado mehmonlar foydasiga penalti belgilamadi.
«Men uchun bu yaqqol fol edi. Bunday vaziyatlarda, tana ishlatilganida, muvozanatni yo‘qotish uchun ko‘p vaqt talab etilmaydi. Buning uchun esa futboldan bir oz xabardor bo‘lish kerak. Bizda muammo bor, chunki qaror qabul qilayotganlar buni tushunishmaydi.
Boshqa ko‘plab holatlardagi kabi hafsalamiz pir bo‘ldi. Birinchi bo‘limda yaqqol penalti bor edi, u orqali biz o‘yin taqdirini hal qilishimiz mumkin edi», — deya Arbeloaning so‘zlarini keltiradi AS nashri.