Arbeloa Asensioning sogʻligʻi haqida maʼlumot berdi
Madridning «Real» klubi bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa Chempionlar Ligasi pley-off bosqichi doirasidagi «Benfika»ga qarshi uchrashuvda (2:1) jarohat olgan himoyachi Raul Asensioning holati haqida ma’lumot berdi.
Eslatib o‘tamiz, uchrashuvning 77-daqiqasida yosh himoyachi maydonni zambil yordamida tark etishga majbur bo‘lgan edi.
Taniqli insayder Fabrisio Romanoning xabar berishicha, Arbeloa futbolchining holati kutilganidan yaxshiroq ekanini ta’kidladi:
«Asensioning jarohati unchalik jiddiy emasga o‘xshaydi. Bu bo‘yin qismining shikastlanishi».
Ushbu baxtsiz hodisa o‘yinning ikkinchi bo‘limida, «Real»ning o‘zaro ikki futbolchisi — Raul Asensio va Eduardu Kamavinga havodagi kurashda to‘qnashib ketishi natijasida yuz berdi. Fransiyalik yarimhimoyachiga zarar yetmadi, biroq Asensio zarbadan so‘ng maydonda qoldi va mustaqil ravishda o‘rnidan tura olmadi. Uning o‘rnini tajribali David Alaba egalladi.
Garchi futbolchi maydonni zambilda tark etgan bo‘lsa-da, dastlabki tibbiy xulosalar muxlislarni xavotirdan halos etmoqda. Asensioning qisqa muddat ichida umumiy guruh mashg‘ulotlariga qaytishi kutilmoqda.