Arauxo “Barselona”ni tark etib, “Liverpul”da qolishga tayyor
“Barselona”dan “Liverpul”ga ijara asosida o‘tgan Ronald Arauxo faoliyatini Angliyada davom ettirishga qarshi emas. Insayder Ekrem Konur ma’lumotiga ko‘ra, 27 yoshli urugvaylik himoyachi yangi jamoasidagi holatidan mamnun va uning moslashuv jarayoni muvaffaqiyatli kechmoqda.
Arauxo “Liverpul” safida qisqa vaqt ichida murabbiylar shtabi va jamoadoshlarida yaxshi taassurot qoldirdi. U so‘nggi uchrashuvlarda o‘ng qanot himoyachisi sifatida ham harakat qilib, Chempionlar Ligasida “Atletiko Madrid”ga qarshi bahsda Dominik Soboslaining goliga assistentlik qildi.
Manbaga ko‘ra, futbolchining o‘zi ham “Liverpul”ga doimiy ravishda o‘tish imkoniyatini ijobiy ko‘rib chiqmoqda. Ingliz klubida ham uning dastlabki o‘yinlaridan mamnun ekanliklari va kelgusida transferni to‘liq amalga oshirish varianti muhokama qilinayotgani aytilmoqda.
Ma’lumot uchun, Arauxo 2026/27-yilgi mavsum oxirigacha “Liverpul”ga ijaraga berilgan. Kelishuvda himoyachini qariyb 55 million yevro evaziga sotib olish imkoniyati mavjud. “Barselona” va “Liverpul” ijara kelishuvini 10-avgust kuni rasman e’lon qilgan.