APLning besh grandi Kevin Shade uchun kurashga qo‘shildi
“Brentford” vingeri Kevin Shade Angliya Premyer-ligasining bir qator yetakchi klublari e’tiboriga tushgan. 24 yoshli germaniyalik futbolchiga “Chelsi”, “Tottenhem”, “Manchester Yunayted”, “Arsenal” va “Liverpul” qiziqish bildirmoqda. Bu haqda insayder Ekrem Konur xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, “Brentford” o‘z futbolchisiga bo‘lgan qiziqish ortib borayotgan bir paytda uni jamoada olib qolish uchun yangi uzoq muddatli shartnoma bo‘yicha muzokara o‘tkazishni rejalashtirmoqda. Ayni paytda “Arsenal” va “Liverpul” Shadega eng jiddiy qiziqish bildirayotgan klublar qatorida ekani, “Chelsi” hamda “Tottenhem” esa futbolchini anchadan beri kuzatib kelayotgani qayd etilgan.
Shade joriy mavsumni muvaffaqiyatli boshladi va “Brentford” hujum chizig‘ining muhim futbolchilaridan biriga aylandi. Uning amaldagi shartnomasi 2028-yilgacha davom etadi. London klubi 24 yoshli vingerni saqlab qolish hamda transfer bozoridagi qiziqishni kamaytirish maqsadida unga yaxshilangan shartlar taklif qilmoqchi.
Ma’lumot uchun, Kevin Shade joriy mavsumda barcha turnirlar doirasida 6 ta uchrashuvda maydonga tushib, 3 ta gol urdi. U “Brentford”ga 2023-yilda “Frayburg”dan taxminan 20 million funt evaziga ko‘chib o‘tgan. Angliya klubidagi faoliyati davomida germaniyalik futbolchi 119 ta o‘yinda 25 ta gol va 9 ta assist qayd etgan.