APLga chiqqan «Koventri» oʻz tarkibini «Yuventus» hujumchisi bilan kuchaytirmoqchi
2025/2026 yilgi mavsum yakunlariga ko‘ra Chempionshipdan Angliya Premer-ligasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan «Koventri» klubi elitadagi ishtiroki oldidan tarkibni jiddiy kuchaytirish harakatiga tushgan. «Chelsi»ning sobiq futbolchisi va murabbiyi Frenk Lempard boshqaruvidagi jamoa o‘z e’tiborini «Yuventus»da ijara asosida to‘p tepayotgan Belgiya terma jamoasi hujumchisi Loi Opendaga qaratdi.
La Gazzetta dello Sport nashrining xabar berishiga ko‘ra, «Koventri» vakillari futbolchining Turindagi hozirgi holati va rejalari bilan tanishish maqsadida u bilan aloqaga chiqqan. Ma’lum qilinishicha, ingliz klubida hujumchini keyinchalik sotib olish huquqi yoki majburiyati bilan ijaraga olish imkoniyati mavjud.
Shaxsan Frenk Lempard Opendaning o‘yin uslubini yuqori baholamoqda va uning transferiga qiziqish bildirmoqda.
26 yoshli belgiyalik forvard Italiya klubiga o‘tganidan bir yil o‘tib, Turinni tark etishi mumkin. Openda «Yuventus» safida barcha turnirlar doirasida 34 ta uchrashuvda maydonga tushib, bor-yo‘g‘i 2 ta gol urishga erishdi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yozda Turin klubi hujumchini «RB Leypsig»dan 42,75 million yevro evaziga sotib olish majburiyati bilan ijaraga olgan edi.