APL'da og‘zini qo‘li bilan yopgan futbolchilar qizil kartochka olmaydi
2026-yilgi Jahon chempionatida ko'plab bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan qoidalardan biri Angliya Premyer Ligasida qo‘llanilmaydi. Unga ko‘ra, futbolchi raqibi bilan mojaro vaqtida gaplashayotib og‘zini qo‘li bilan yopsa,, ayrim musobaqalarda bu holat qizil kartochkaga sabab bo‘lishi mumkin. APL esa 2026/27-yilgi mavsumda bu imkoniyatdan foydalanmaslikka qaror qilgan.
Jahon chempionatida paragvaylik Migel Almiron va ekvadorlik Pyero Inkapiye aynan shunday holatlar sabab maydondan chetlatilgandi. Angliya futbolchisi Jud Bellingem esa Ganaga qarshi uchrashuvda og‘zini qo‘li bilan yopgan bo‘lsa-da, jazolanmagan. Hakam vaziyatni raqib bilan mojaro sifatida baholamagan.
Bu masala o‘tgan mavsumdagi Chempionlar ligasining “Benfika” — “Real Madrid” uchrashuvidan keyin jiddiy muhokama qilina boshlagan. Lissabon klubi futbolchisi Janluka Prestianni Vinisius bilan tortishuv vaqtida og‘zini qo‘li bilan yopgan, keyinchalik esa diskriminatsion xatti-harakatda ayblanib, diskvalifikatsiya qilingan edi.
Ma’lumot uchun, UEFA ham o‘z turnirlarida futbolchining og‘zini qo‘li bilan yopishini avtomatik qizil kartochka uchun asos deb hisoblamaydi. Ya’ni bunday vaziyatlarda hakamlar epizodning mazmuni va kontekstiga qarab qaror chiqaradi.