APL tarixidagi eng yomon transferlar e’lon qilindi: Mudrik ro‘yxatda peshqadam
ESPN nashri Angliya Premyer-ligasi tarixidagi eng omadsiz xaridlar reytingini tuzib chiqdi. Jami 50 ta transfer joy olgan ushbu ro‘yxatda «Chelsi» tomonidan 2022/2023 yilgi mavsumda «Shaxtyor»dan 70 million yevroga sotib olingan ukrainalik yarimhimoyachi Mixail Mudrik birinchi o‘rinni egalladi.
Nashr talqiniga ko‘ra, eng yomon transferlar o‘nligidan quyidagi futbolchilar joy olgan:
- Mixail Mudrik – «Shaxtyor»dan «Chelsi»ga (70 mln yevro);
- Antoni – «Ayaks»dan «Manchester Yunayted»ga (95 mln yevro);
- Nikolya Pepe – «Lill»dan «Arsenal»ga (80 mln yevro);
- Ali Dia – Erkin agent sifatida «Sautgempton»ga;
- Deniel Drinkuoter – «Lester»dan «Chelsi»ga (37,9 mln yevro);
- Rikardo Alvares – «Inter»dan «Sanderlend»ga (10,5 mln yevro);
- Romelu Lukaku – «Inter»dan «Chelsi»ga (113 mln yevro);
- Jeydon Sancho – «Borussiya»dan «Manchester Yunayted»ga (85 mln yevro);
- Tomas Brolin – «Parma»dan «Lids Yunayted»ga (5,3 mln yevro);
- Kalvin Fillips – «Lids»dan «Manchester Siti»ga (49 mln yevro).
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning dekabr oyida Mudrikning doping-testida taqiqlangan moddalar ro‘yxatiga kiritilgan meldoniy aniqlangan edi. Ushbu voqeaga qadar ukrainalik futbolchi «aristokratlar» safida 73 ta o‘yin o‘tkazib, 10 ta gol va 11 ta samarali uzatmani amalga oshirishga ulgurgan edi.
Mudrik ishtirokidagi so‘nggi rasmiy uchrashuv 2024 yilning noyabr oxirida, Konferensiyalar Ligasi doirasidagi «Haydenhaym»ga (2:0) qarshi bahsga to‘g‘ri kelgan. Aynan o‘sha o‘yinda Mixail o‘zining jamoasidagi oxirgi golini kiritgan edi.