APL rahbari FIFA prezidenti Janni Infantinoni almashtirishga chaqirdi
Angliya Premyer-ligasi ijrochi direktori Richard Masters FIFA prezidenti Janni Infantinoning so‘nggi tashabbuslarini keskin tanqid qildi. U FIFA rahbariyatida o‘zgarish bo‘lishi kerakligini bildirib, tashkilotga futbol olamini birlashtira oladigan yangi prezident zarurligini ta’kidladi.
Mastersning noroziligiga FIFA turnirlarining tijoriy va chipta huquqlarini boshqarish uchun Fifa Forward Enterprise (FFE) kompaniyasini tashkil etish rejasi sabab bo‘lgan. Dastlab ushbu kompaniyaning 20 foiz ulushini xususiy investitsiya kompaniyasiga sotish ko‘zda tutilgan edi.
Mazkur loyiha futbol tashkilotlari orasida katta tanqidlarga sabab bo‘ldi. UEFA boshchiligidagi bir qator konfederatsiyalar tashabbusga qarshi chiqdi, UEFA esa hatto FIFA musobaqalarini boykot qilish ehtimolini ham bildirgan. Kuchli bosimlardan so‘ng loyiha bekor qilindi.
Ma’lumot uchun, Richard Masters Angliya futbol assotsiatsiyasining Infantinoni qo‘llab-quvvatlashdan voz kechish qarorini ham qo‘llab-quvvatladi. Uning fikricha, FIFA prezidentligi uchun futbol tashkilotlari o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni bartaraf eta oladigan yangi nomzod ilgari surilishi kerak.