APL. «Chelsi» safarda «Aston Villa»ni yirik hisobda magʻlub etdi
Angliya Premyer-ligasining 29-turidan o‘rin olgan «Aston Villa» va «Chelsi» jamoalari o‘rtasidagi bahs boʻlib oʻtdi. Birmingemdagi «Villa Park» stadionida kechgan uchrashuvda londonliklar 4:1 hisobida g‘alaba qozonishdi.
O‘yin mezbonlar uchun juda omadli boshlandi: 2-daqiqadayoq yarimhimoyachi Duglas Luis hisobni ochdi. Biroq 35-daqiqada «Chelsi» hujumchisi Joao Pedro muvozanatni tikladi. Birinchi bo‘lim yakunida dramatik voqealar sodir bo‘ldi: avvaliga Olli Uotkinsning goli VAR aralashuvidan so‘ng bekor qilindi, 45+6-daqiqada esa Pedro «ko‘klar»ni hisobda oldinga olib chiqdi.
Ikkinchi bo‘limda mehmonlar ustunlikni to‘liq o‘z qo‘llariga olishdi. 55-daqiqada Koul Palmer Pedroning uzatmasidan so‘ng uchinchi golni urdi. 64-daqiqada esa Joao Pedro xet-trik qayd etib, hisobni yirik ko‘rinishga keltirdi.
Ushbu g‘alaba evaziga «Chelsi» ochkolarini 48 taga yetkazib, turnir jadvalida «Aston Villa» bilan farqni 3 ochkogacha qisqartirdi. Ayni damda londonliklar 5-o‘rinni egallab turgan bo‘lsa, birmingemliklar 51 ochko bilan 4-pog‘onadan joy olgan.
APL. 29-tur
«Aston Villa» — «Chelsi» 1:4
Gollar: Luis (4) — Pedro (35, 45+6, 64), Palmer (55).