APL. «Arsenal» safarda «Lids»ni tor-mor etib, peshqadamlikni mustahkamladi
Angliya Premyer-ligasining 24-turi doirasida turnir jadvali peshqadami — Londonning «Arsenal» klubi «Elland Roud» stadionida mehmon bo‘ldi. Mikel Arteta shogirdlari «Lids Yunayted» darvozasiga javobsiz to‘rtta gol yo‘llab, yirik g‘alabani tantana qilishdi.
Styuart Atvell boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqarib borgan o‘yinda mehmonlar ilk daqiqalardanoq tashabbusni o‘z qo‘llariga olishdi. 27-daqiqada jamoaning yangi a’zosi Martin Subimendi hisobni ochib, londonliklarni oldinga olib chiqdi. Birinchi bo‘lim yakunlanishi arafasida, aniqrog‘i 38-daqiqada mezbonlar posboni Karl Darlou o‘z darvozasini ishg‘ol qilib qo‘ydi va hisob 0:2 ko‘rinishiga keldi.
Ikkinchi bo‘limda ham «Arsenal» bosimni kamaytirgani yo‘q. 69-daqiqada jamoaning to‘purar hujumchisi Viktor Gyokeresh uchinchi golni urgan bo‘lsa, o‘yinga nuqtani 86-daqiqada Gabriel Jezus qo‘ydi — 0:4.
Ushbu g‘alabadan so‘ng «Arsenal» o‘z ochkolarini 53 taga yetkazib, Angliya chempionatida yakka peshqadamlikni davom ettirmoqda. «Lids Yunayted» esa 26 ochko bilan hamon xavfli hududga yaqin — 16-pog‘onada bormoqda.
APL. 24-tur
«Lids» — «Arsenal» 0:4
Gollar: Subimendi (27), Darlou (avtogol,38), Gyokeresh (69), Jezus (86).