Anvar Gʻofurov: «Kimga qarshi o‘ynayotganimizni yaxshi bilardik»
Superliga 19-turidan o’rin olgan «Surxon» - OKMK uchrashuvidan so’ng termizliklar bosh murabbiyi Anvar G’ofurov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- Bugungi uchrashuv haqida fikrlaringiz?
- Bugun yaxshi jamoaga qarshi maydonga tushdik. Raqibning hujumkor jamoa ekanini va kimga qarshi o‘ynayotganimizni yaxshi bilardik. Biz uchun har bir o‘yinda ochko juda muhim ekanini futbolchilarga tushuntirgan edik.
O‘ylaymanki, ko‘p o‘yinlarda natija borasida mag‘lub bo‘layotgan bo‘lsak-da, o‘yin sifati va maydondagi harakatlarimiz borasida raqiblardan ortda qolayotganimiz yo‘q. Albatta, bu yaxshi ko‘rsatkich, lekin jamoaga natija ham kerak. Ishonamanki, biz bu natijaga albatta erishamiz.
Bugungi o‘yin oson kechmadi. Yigitlarga katta rahmat aytmoqchiman. Ular maydonda bor kuch va imkoniyatlarini ishga solib, mehnat qilishdi.
Shuningdek, Termizdan uzoq masofani bosib o‘tib, bizni o‘z stadionimizda yolg‘izlatib qo‘ymagan muxlislarimizga alohida minnatdorchilik bildiraman. Ularning qo‘llab-quvvatlashi futbolchilarimizga katta dalda bo‘ldi.
Bu o‘yinda qizil kartochka ham o‘z so‘zini aytdi. Shundan so‘ng futbolchilar xato qilmaslikka, bir-birini qo‘llab-quvvatlashga va jamoaviy harakat qilishga harakat qilishdi. Bu, albatta, ijobiy holat.
- Qizil kartochkadan so‘ng yosh jamoangizni qanday ruhlantira oldingiz?
- Men har bir futbolchimga ishonaman. Bu ishonch maydonda bo‘ladimi yoki maydondan tashqarida bo‘ladimi — farqi yo‘q. Yakuniy kengaytirilgan tarkibga kirmagan futbolchi ham, maydonga tushgan har bir futbolchi ham o‘z vazifasini bajarishi va bor kuchini berishga tayyor bo‘lishi kerak.
Bizda, albatta, o‘zimizga yarasha kamchiliklar bor. Lekin eng muhimi — har bir futbolchi o‘z vazifasini to‘g‘ri bajarishi va jamoa uchun borini berishi kerak. Men futbolchilarimga ishonaman.
- Bugun ustozingizga qarshi maydonga tushdingiz. Keyingi turda esa «Bunyodkor» jamoasiga qarshi o‘ynaysiz. Qanday o‘yin kutyapsiz?
- Bizni oldinda kubok o‘yini ham kutib turibdi. Albatta, futbolda hech narsani oldindan aytib bo‘lmaydi. Agar kimdir natijani oldindan aniq bila olganida, ehtimol, u jahon chempioni bo‘lar edi.
Har safar chempionlar va kuchli jamoalar o‘zgarib turayotgan ekan, demak, biz ham doimo ishlashimiz va har bir o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak.
«Bunyodkor»ga qarshi ham qiziqarli va mazmunli o‘yin bo‘ladi, deb o‘ylayman. Biz har bir uchrashuvga alohida tayyorgarlik ko‘ramiz va maydonga maksimal natija uchun chiqamiz.