Anvar G'ofurov: «Ayrim futbolchilar o'yinga 100 foiz tayyor emasligi sezildi»
Superliganing 10-turi doirasida kechgan "So'g'diyona" – "Surxon" (5:2) uchrashuvidan so'ng mehmonlar murabbiyi Anvar G'ofurov ishtirokida matbuot anjumani bo'lib o'tdi. Mutaxassis yirik mag'lubiyat sabablari va jamoada yuzaga kelgan holat haqida to'xtalib o'tdi.
"Ayrim futbolchilar bahsga 100 foiz tayyor emasdek tuyuldi va bu o'yinda ham yaqqol sezildi. Shunday bo'lsa-da, mukammal darajaga chiqish uchun jamoa sifatida hali ko'p ishlashimiz kerakligi ko'rinib qoldi. Bugun futbolchilar o'yinga to'liq kirishib keta olishmadi. Lekin bu futbol — har doim ham g'alaba qozonib bo'lmaydi, pasayish va yuksalishlar tabiiy holat.
Hozircha vaqt biroz tiqiz, taqvim zich. Biroq buning ijobiy jihati ham bor — o'yinlar ko'pligi sababli rotatsiya qilayapmiz va deyarli barcha futbolchilarga imkoniyat berilmoqda. Ammo bu imkoniyatdan kim qanday foydalanayotganini — bu alohida masala".
"Shaxsan o'zim ham mas'uliyatni his qilaman — balki ayrim xatolarga yo'l qo'ygandirman. Eng muhimi, biz bir jamoa bo'lib ishlashda davom etishimiz kerak. Ishonamanki, vaqt o'tishi bilan jamoamiz yanada yaxshilanadi va ijobiy o'zgarishlar bo'ladi", — deya xulosa qildi murabbiy.