Antonio Ryudiger jamoadoshi bilan janjallashib qoldi
Madridning «Real» klubi himoyachisi Antonio Ryudiger va jamoaning yana bir futbolchisi o‘rtasida kelishmovchilik yuz berdi. Bu haqda The Athletic nashri xabar bermoqda.
Manba bergan ma’lumotlarga ko‘ra, aprel oyida «qaymoqranglilar» mashg‘ulot bazasidagi kiyinish xonasida germaniyalik himoyachi va asosiy tarkib futbolchilaridan biri o‘rtasida nizo kelib chiqqan. Ta’kidlanishicha, ushbu mojaro tashabbuskori Ryudigerning o‘zi bo‘lgan. Keyinchalik Antonio o‘zining bunday xulq-atvori uchun uzr so‘ragan va vaziyatni yumshatish maqsadida 1 may kuni barcha jamoadoshlarini oila a’zolari bilan birga tushlikka taklif qilgan.
Joriy mavsumda 33 yoshli Antonio Ryudiger barcha turnirlar doirasida 24 ta uchrashuvda maydonga tushib, bitta gol muallifiga aylandi. Futbolchining Madrid klubi bilan amaldagi shartnomasi 2026 yilning iyun oyiga qadar mo‘ljallangan.
Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, himoyachining ayni damdagi bozor qiymati 9 million yevroni tashkil etmoqda.