Ansu Fatining akasi jinsiy zo‘ravonlikda ayblanmoqda
Barselonada «Monako» hujumchisi Ansu Fatining akasiga nisbatan tergov ishlari boshlandi. Abc nashri xabariga ko‘ra, niderlandiyalik ayol «Barselona» yarimhimoyachisi Lamin Yamalning uyida jinsiy zo‘ravonlikka uchraganini ma’lum qilgan.
Manba bergan ma’lumotlarga ko‘ra, voqea 7 fevral kuni sodir bo‘lgan. Ayol tungi klubda Ansu Fatining akasi Fatino bilan tanishgan va bazmdan so‘ng kompaniya bilan birga uylardan biriga yo‘l olgan. Ertasi kuni tongda ayol kiyimsiz holda uyg‘ongan va o‘ziga nisbatan «nomunosib teginishlar» bo‘lganini payqagan. U giyohvand moddalar ta’sirida zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan bo‘lishi mumkinligidan xavotirlanib, shifoxonada maxsus tahlillar topshirgan.
Dastlabki surishtiruvlarda ayol nomunosib harakatlardan so‘ng Fatinoning yuziga tarsaki tushirganini bildirgan. Hozircha politsiyaga rasmiy ariza berilmagan, chunki jabrlanuvchi tibbiy tahlil natijalarini kutmoqda. Ayni damda barcha tergov harakatlari faqat uning ko‘rsatmalariga asoslangan.
Ayol voqea Lamin Yamalning uyida yuz berganini ta’kidlagan bo‘lsa-da, «Barselona» klubi bu ma’lumotni rasman rad etdi. Politsiya manbalari ham hodisa butunlay boshqa joyda sodir bo‘lganini tasdiqlashdi.
Fatinoning yaqinlari esa ushbu ayblovlarni mutlaqo asossiz deb atamoqda va ayolning so‘zlarini kategorik tarzda inkor etishmoqda.