Anri: «Agar «Manchester Siti»ning aybi isbotlangan bo‘lsa, titullar bekor qilinishi kerak»
«Arsenal» va Fransiya terma jamoasining sobiq mashhur hujumchisi Tyerri Anri «Manchester Siti»ga nisbatan moliyaviy qoidalar buzilishi bo‘yicha ishda eng qat’iy choralar ko‘rilishi kerak, deb hisoblashini bildirdi.
«Rostini aytsam, “Manchester Siti” 114 ta band bo‘yicha aybdor deb topilgan bo‘lsa, faqat ochkolarni olib tashlashning o‘zi qanday qilib yetarli jazo bo‘lishi mumkinligini tushunmayman. Agar ushbu qoidabuzarliklar klubga ustunlik bergan bo‘lsa, o‘sha davrda qo‘lga kiritilgan chempionlik unvonlari bekor qilinishi kerak. Sovrinlar olib qo‘yilishi, rekordlar esa qayta ko‘rib chiqilishi lozim. Quyi ligaga tushirish imkoniyatini ham ko‘rib chiqish kerak.
Gap “Manchester Siti”ning o‘zida emas, adolat haqida ketmoqda. Agar siz shuncha qoidani buzsangiz va aybingiz isbotlansa, barcha sovrinlarni saqlab qolib, faqat ochkolardan mahrum bo‘lish bilan qutulib ketishingiz mumkin emas. Aks holda, boshqa klublarga qanday signal beryapmiz?» — deya Anrining so‘zlarini Topskills Sports UK keltirgan.
«Manchester Siti» esa rasmiy qaror ustidan apellyatsiya berish niyatida. Klubda buning uchun qaror chiqarilganidan keyin 14 kun muddat borligi aytilmoqda.