Angliyalik darvozabon Uganda qiroliga aylandi
Angliyaning quyi ligalarida to‘p surayotgan 36 yoshli darvozabon Jorj Desmond Kamurasi Ugandadagi Toro qirolligining yangi hukmdori etib tanlandi. “SE Dons” klubi darvozaboni va sardori bo‘lgan futbolchi yaqin vaqt ichida qirollik taxtini egallashi kutilmoqda.
Kamurasi Toroning sobiq qiroli Oyo Nyimba Kabamba Iguru Rukidi IV'ning amakivachchasi hisoblanadi. Qirol avgust oyida AQSh'da saraton kasalligidan davolanayotgan paytda vafot etgan. Shundan so‘ng 21 kishidan iborat vorislik qo‘mitasi Kamurasini yangi hukmdor sifatida tanladi. Rasmiy e’lon avvalgi qirolning dafn marosimidan keyin qilinishi kutilmoqda.
Jorj Kamurasi ayni paytda Londonning janubi-sharqida joylashgan “SE Dons” safida faoliyat olib bormoqda. Jamoa Angliya futbol tizimining to‘qqizinchi pog‘onasida ishtirok etadi. Darvozabon faoliyati davomida “Hern-Bey”, “Kroydon” va “Eshford Yunayted” kabi quyi liga klublarida ham o‘ynagan.
Ma’lumot uchun, Toro Ugandaning g‘arbiy qismida joylashgan an’anaviy qirolliklardan biri hisoblanadi. Uning hukmdori asosan madaniy va ramziy vazifalarni bajaradi. Uganda konstitutsiyasiga ko‘ra, an’anaviy qirollar davlat boshqaruvida ma’muriy yoki qonunchilik vakolatlariga ega emas.