Angliyada darvozabonlarning vaqt cho‘zishiga qarshi yangi qoida sinovdan o‘tkaziladi
Angliya futbolida darvozabonlarning soxta jarohat bahonasida o‘yinni to‘xtatib, vaqt cho‘zishiga qarshi yangi qoida joriy etilmoqda. 2026/27-yilgi mavsum davomida ushbu tartib sinov tariqasida qo‘llaniladi.
Yangi qoidaga ko‘ra, agar o‘yin darvozabonning jarohati sabab to‘xtatilsa va u maydonda tibbiy yordam olsa, o‘yin qayta boshlangach jamoaning maydon futbolchilaridan biri kamida bir daqiqaga maydonni tark etishi kerak bo‘ladi. Murabbiy yoki jamoa sardori 10 soniya ichida qaysi futbolchi chiqishini belgilaydi.
Mazkur qoida darvozabon bilan to‘qnashuv, unga nisbatan qoida buzilishi, qon ketishi yoki haqiqiy jiddiy jarohatlar kabi holatlarga tatbiq etilmaydi. Agar tajriba muvaffaqiyatli yakunlansa, qoida kelajakda doimiy ravishda futbol qonunlariga kiritilishi mumkin.