Angliya uchinchi, Germaniya beshinchi: Yevro-2028'ning asosiy favoritlari nomi ma'lum bo'ldi
2028-yilda bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha Yevropa chempionatida g‘oliblik uchun asosiy da’vogarlar reytingi e’lon qilindi. Ro‘yxatning birinchi pog‘onasini Ispaniya terma jamoasi egalladi. Bu haqda Goal nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, amaldagi Yevropa chempioni Ispaniya musobaqaning eng asosiy favoriti sifatida e’tirof etilgan. Ikkinchi o‘ringa Fransiya, uchinchi pog‘onaga esa Angliya terma jamoasi joylashtirilgan. Kuchli beshlikdan Portugaliya va Germaniya ham o‘rin olgan.
Reytingning keyingi pog‘onalarini Niderlandiya, Shveysariya, Norvegiya, Belgiya va Italiya terma jamoalari egallagan. Shuningdek, Daniya 11-o‘rinda, Xorvatiya 13-o‘rinda, Turkiya 16-o‘rinda, Ukraina esa 20-pog‘onada qayd etilgan. Mazkur reyting turnir boshlanishiga hali ancha vaqt borligi sabab dastlabki taxmin sifatida taqdim etilgan.
Ma’lumot uchun, Ispaniya terma jamoasi Yevropa chempionatida to‘rt marta — 1964, 2008, 2012 va 2024-yillarda g‘olib chiqqan. Ispanlar 2008 va 2012-yillardagi Yevropa chempionatlari orasida 2010-yilgi Jahon chempionatida ham zafar quchgan.