Angliya terma jamoasini Mexikoda hushtaklar bilan kutib olishdi
JCh-2026 1/8 finalidagi Meksika — Angliya uchrashuvi oldidan vaziyat yanada qizimoqda.
Sports xabariga ko‘ra, Angliya terma jamoasi Mexikodagi mehmonxonasi yonida mahalliy muxlislar tomonidan hushtak va “Meksika!” degan hayqiriqlar bilan kutib olingan.
Mehmonxona atrofida yuzlab muxlislar to‘plangani aytilmoqda. Kirish qismi esa Meksika Milliy gvardiyasi tomonidan qo‘riqlanmoqda, hududda politsiya ham navbatchilik qilmoqda.
Manbaga ko‘ra, xavfsizlik choralari avvalgi holatlardan keyin kuchaytirilgan. Ekvador Meksikaga qarshi o‘yin oldidan mahalliy muxlislar futbolchilarga uxlashga xalaqit bergani haqida shikoyat qilgan edi.
Shundan so‘ng Angliya terma jamoasi o‘z mehmonxonasi manzilini sir saqlashga harakat qilgan.
Meksika — Angliya uchrashuvi “Atsteka” stadionida bo‘lib o‘tadi. Mezbon muxlislar bosimi esa bu bahs oldidan allaqachon sezila boshladi.