Angliya Kubogi. «Manchester Siti» «Liverpul»ni tor-mor etib, yarimfinalga yo‘l oldi
Angliya Kubogining 1/4 final bosqichi doirasida «Manchester Siti» jamoasi «Liverpul» ustidan 4:0 hisobida yirik g‘alabaga erishdi. Shunday qilib, «shaharliklar» barcha turnirlarni hisobga olgan holda mersisaydliklarni ketma-ket uchinchi bor mag‘lub etishdi.
Jamoalarning joriy mavsumdagi o‘zaro to‘qnashuvlari quyidagicha kechgan edi: Angliya Premyer-ligasining 11-turida «osmonranglilar» «qizillar»ni 3:0 hisobida, 25-turda esa Xosep Gvardiola shogirdlari 2:1 hisobida zafar quchishgan edi. Endilikda ushbu seriya Kubokdagi yirik g‘alaba bilan boyitildi.
Turnirning yarim final juftliklarini aniqlash uchun qur’a tashlash marosimi 5 aprel kuniga belgilangan. Yarim final bahslari esa 25 va 26 aprel kunlari Londonning muhtasham «Uembli» stadionida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Angliya Kubogining amaldagi g‘olibi «Kristal Pelas» jamoasi hisoblanadi (o‘tgan yilgi finalda «Manchester Siti» 1:0 hisobida mag‘lub etilgan).