Angliya Kubogi. «Chelsi» «Port Veyl» darvozasiga javobsiz 7 ta gol urdi va yarimfinalga yo‘l oldi
Angliya Kubogining 1/4 final bosqichi doirasida Londonning «Chelsi» hamda Stok-on-Trentning «Port Veyl» jamoalari o‘rtasidagi bahs yakunlandi. Unda mezbonlar 7:0 hisobidagi yirik g‘alabani qo‘lga kiritishdi.
Uchrashuvda gollar shousini 2-daqiqadayoq Yorrel Xato boshlab berdi. 25-daqiqada Joao Pedro hisobni ishonchli ko‘rinishga keltirgan bo‘lsa, 42-daqiqada mehmonlar himoyachisi Jordan Gabriel o‘z darvozasini ishg‘ol qilib qo‘ydi.
Ikkinchi bo‘limda ham londonliklar bosimni kamaytirishmadi: Tosin Adarabioyo (56-daqiqa), Andrey Santos (69-daqiqa) va Estevao (82-daqiqa) o‘z nomlarini tabloga yozdirib qo‘yishdi. Uchrashuvga qo‘shib berilgan 90+2-daqiqada esa Alexandro Garnacho penaltini aniq amalga oshirib, yakuniy nuqtani qo‘ydi.
Turnirning 1/2 final bosqichiga qur’a tashlash marosimi 5 aprel kuni bo‘lib o‘tadi. Yarimfinal bahslari esa 25 va 26 aprel kunlariga belgilangan. Eslatib o‘tamiz, Angliya Kubogining amaldagi g‘olibi «Kristal Pelas» jamoasi hisoblanadi (o‘tgan yilgi finalda «Manchester Siti» 1:0 hisobida mag‘lub etilgan).