Angliya Kubogi. «Arsenal» «Sautgempton»ga imkoniyatni boy berib, turnir bilan xayrlashdi
Angliya Kubogining chorak final bosqichi doirasida «Sautgempton» o‘z maydonida Londonning «Arsenal» klubini qabul qildi. «Sent-Meri» stadionida bo‘lib o‘tgan keskin bahsda mezbonlar 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, musobaqaning keyingi bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritishdi.
Uchrashuvning 35-daqiqasida Ross Styuart hisobni ochib, jamoasini oldinga olib chiqdi. Ikkinchi bo‘limning 68-daqiqasida «Arsenal» hujumchisi Viktor Gyokeresh muvozanatni tiklashga muvaffaq bo‘ldi. Biroq o‘yin yakunlanishi arafasida, aniqrog‘i 85-daqiqada Shi Charlz raqib darvozasini ishg‘ol qilib, maydon egalariga muhim g‘alabani taqdim etdi.
Ma’lumot uchun, turnirning yarimfinal bosqichiga qur’a tashlash marosimi bugun, 5 aprel kuni bo‘lib o‘tadi. Yarimfinal uchrashuvlari esa 25 va 26 aprel kunlariga belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, Angliya Kubogining amaldagi g‘olibi «Kristal Pelas» jamoasi hisoblanadi. O‘tgan mavsum finalida ular «Manchester Siti» ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozonishgan edi.