locale OZ

Angliya futbol klublarining 94 foizi moliyaviy zarar bilan ishlamoqda

Mamlakat futbolidagi umumiy qarzdorlik joriy mavsum yakuniga qadar 5 milliard funt sterlingdan oshishi prognoz qilinmoqda.
Angliya futbol klublarining 94 foizi moliyaviy zarar bilan ishlamoqda
Foto: Getty Images

Angliya futbolining yuqori beshta divizionida ishtirok etuvchi klublarning 94 foizi 2025/26-yilgi mavsumni moliyaviy zarar bilan yakunlagan. Mamlakat futbolida daromadlar oshib borayotganiga qaramay, aksariyat jamoalarning moliyaviy ahvoli og‘irligicha qolmoqda. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda.

Manbaga ko‘ra, Angliya futbolini nazorat qiluvchi mustaqil regulyator (IFR) tomonidan e’lon qilingan “State of the Game” hisobotida klublarning moliyaviy holati tahlil qilingan. Unga ko‘ra, Angliya futboli bir mavsum davomida 9 milliard funt sterlingdan ortiq daromad keltirgan. Biroq klublarning katta qismi xarajatlarini qoplashda qiynalmoqda. Ayniqsa, quyi divizion vakillari o‘z egalarining moliyaviy yordamiga qattiq bog‘lanib qolgan.

Hisobotda Angliya futbol ligasi (EFL) va Milliy liga klublarining qariyb uchdan ikki qismi texnik jihatdan to‘lovga qobiliyatsiz ekani qayd etilgan. Shuningdek, klublarning 29 foizi egalari moliyaviy yordamni to‘xtatgan taqdirda 30 kundan ortiq faoliyat yurita olmasligi aniqlangan. Regulyator klublarning haddan tashqari ko‘p mablag‘ sarflashi va qarzdorlikning ortishi futbol tizimiga jiddiy xavf tug‘dirayotganini ta’kidlagan.

Ma’lumot uchun, hisobot Angliyaning beshta yuqori divizionidagi 116 ta professional klub faoliyatini qamrab olgan. Ularning qariyb 109 tasi moliyaviy zarar bilan ishlamoqda. Mamlakat futbolidagi umumiy qarzdorlik joriy mavsum yakuniga qadar 5 milliard funt sterlingdan oshishi prognoz qilinmoqda. IFR vaziyatni yaxshilash maqsadida xarajatlar ustidan nazoratni kuchaytirish va klublar o‘rtasida daromadlarni adolatli taqsimlash bo‘yicha islohotlarni taklif qilgan.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting