Angliya futbol assotsiatsiyasi FIFA rejasini mustaqil tekshirishni talab qildi
Angliya futbol assotsiatsiyasi raisi va FIFA vitse-prezidenti Debbi Xyuitt FIFAning Jahon chempionati va boshqa yirik turnirlar tijoriy huquqlarining bir qismini xususiy investorlarga berishni ko‘zlagan, keyinchalik bekor qilingan loyihasi yuzasidan mustaqil tekshiruv o‘tkazishni talab qildi. Xyuitt bu borada FIFA prezidenti Janni Infantino va tashkilot bosh kotibi Mattias Grafstryomga rasmiy maktub yo‘llagan. Bu haqda The Times nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Xyuitt FIFA rahbariyatidan loyiha qanday ishlab chiqilgani, muzokaralarda kimlar ishtirok etgani va nima sababdan FIFA Kengashi jarayondan yetarlicha xabardor qilinmaganiga oydinlik kiritishni so‘ragan. Reja erkaklar va ayollar o‘rtasidagi Jahon chempionatlari kabi musobaqalarning tijoriy aktivlarini boshqaruvchi alohida kompaniya tashkil etib, uning bir qismini xususiy investorlarga sotishni nazarda tutgan.
Debbi Xyuitt, shuningdek, AQSH terma jamoasi hujumchisi Folarin Balogunning JCh-2026 vaqtida olgan bir o‘yinlik diskvalifikatsiyasi keyinchalik to‘xtatib qo‘yilgani yuzasidan ham batafsil tushuntirish talab qilgan. FIFA avvalroq investitsiya loyihasi bo‘yicha jarayon to‘g‘ri olib borilmaganini tan olgan va tekshiruv o‘tkazilishini bildirgan, biroq ushbu tekshiruvni aynan kim amalga oshirayotgani ochiqlanmagan.
Ma’lumot uchun, FIFAning bekor qilingan loyihasi kompaniyaning taxminan 20 foizlik ulushini xususiy investorlarga sotish orqali qariyb 4,2 milliard dollar jalb qilishni ko‘zlagan. Rejaga ko‘ra, FIFAga a’zo assotsiatsiyalarga 20 million dollargacha mablag‘ ajratilishi mumkin edi. Biroq UEFA, Osiyo futbol konfederatsiyasi va KONKAKAF loyihaga qarshi chiqib, jarayon yuzasidan mustaqil tekshiruv o‘tkazishga chaqirgan.