Andres Inyesta Marokash terma jamoasida ish boshlashi mumkin
Ispaniya terma jamoasi va «Barselona»ning sobiq afsonaviy futbolchisi Andres Inyesta Marokash terma jamoasiga sport direktori etib tayinlanishi mumkin. Bu haqda AS nashri xabar bermoqda.
Manbaga koʻra, Qirollik Marokash futbol federatsiyasi (FRMF) ispaniyalik mutaxassis bilan muzokaralar olib bormoqda, biroq tomonlar hali yakuniy kelishuvga erishgani yo‘q. Nashrning ta’kidlashicha, ushbu tayinlov Marokash terma jamoasining kelajakdagi loyihalari uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Xususan, Inyestaning kelishi uning sobiq jamoadoshi Xavi Ernandesni 2026 yilgi jahon chempionatidan so‘ng terma jamoaga bosh murabbiy sifatida jalb etish imkoniyatini oshiradi.
Ma’lumot uchun, 2026 yil yozida AQSh, Kanada va Meksika mezbonlik qiladigan Jahon chempionatida Marokash terma jamoasi «C» guruhidan joy olgan. Ularga guruh bosqichida Braziliya, Shotlandiya va Gaiti terma jamoalari raqiblik qiladi.
Eslatib o‘tamiz, amaldagi jahon chempioni Argentina terma jamoasi bo‘lib, ular 2022 yilgi finalda Fransiya ustidan penaltilar seriyasida (4:2) g‘alaba qozonishgan.