Andrea Maldera — Ukraina terma jamoasining ilk xorijlik bosh murabbiyi
Ukraina futbol assotsiatsiyasi (UAF) italiyalik mutaxassis Andrea Maldera bilan shartnoma imzolaganini eʼlon qildi. 55 yoshli murabbiy mamlakat milliy terma jamoasini boshqaradigan boʻldi. U Ukraina tarixidagi birinchi xorijlik bosh murabbiyga aylandi.
Maldera ikki yillik shartnomaga imzo chekdi va unda shartnomani uzaytirish bandi ham mavjud. Bu mutaxassis uchun bosh murabbiy sifatidagi ilk mustaqil tajriba boʻladi. Uning oxirgi ish joyi «Marsel» klubi boʻlib, u yerda hamyurti Roberto De Zerbi shtabida faoliyat yuritgan edi.
Maldera bungacha «Milan»da Massimiliano Allegri va Filippo Inzagi kabi murabbiylar bilan birga ishlagan. Shuningdek, u 2016–2021 yillarda Ukraina terma jamoasida Andrey Shevchenkoning yordamchisi sifatida ham faoliyat olib borgan.