«Andijon»ning Osiyo Chempionlar Ligasi-2 musobaqasidagi raqibi haqida
17 sentabr kuni “Andijon” klubi Osiyo Chempionlar Ligasi 2 musobaqasidagi yurishini boshlaydi. "Burgutlar" dastlabki turda o‘tgan mavsum bo‘lib o‘tgan OFK Chaqaruv Ligasi musobaqasining amaldagi chempioni — Turkmanistonning “Arkadag” klubiga qarshi maydonga chiqadi.
Keling, ushbu jamoa haqida biroz to‘xtalib o‘tamiz.
“Arkadag” klubi uzoq tarixga ega klub emas. Jamoa 2023 yilning 1 aprel sanasida tashkil topgan.
Jamoa o‘z uy uchrashuvlarini Arkadag shahrida joylashgan “Arkadag” stadionida o‘tkazadi. Ushbu maydon 10 mingdan ortiq muxlisni o‘z bag‘riga sig‘dira oladi.
Klub 2 karra Turkmaniston chempioni, 2 karra Turkmaniston kubogi sohibi hisoblanadi.
Jamoa o‘tgan mavsum o‘z tarixida birinchi marta OFK tomonidan o‘tkaziladigan musobaqa — OFK Chaqaruv Ligasida ishtirok etdi va debyut mavsumidayoq musobaqaning bosh sovrinini qo‘lga kiritdi. Jamoa finalda Kambodjaning "Preah Khan Reach Svay Rieng" klubini 2:1 hisobida mag‘lub etdi.
Jamoa Osiyo Futbol Konfederatsiyasi tomonidan o‘tkaziladigan musobaqalarda 8 ta o‘yin o‘tkazgan. 6 ta o‘yinda g‘alaba qozongan va 2 ta o‘yinda mag‘lubiyatga uchragan.
Jamoani ayni paytda 41 yoshli mahalliy mutaxassis Ahmet Allaberdiyev boshqarmoqda. Ushbu mutaxassis klub boshqaruviga kelguniga qadar Turkmanistonning U17 terma jamoasiga bosh murabbiylik qilgan.
“Arkadag” jamoasi futbolchilari Turkmaniston milliy terma jamoasining o‘zagini tashkil etadi. Yaqinda bo‘lib o‘tgan CAFA Nations Cup musobaqasiga Turkmaniston terma jamoasidan “Arkadag” klubidan 16 nafar futbolchi jalb etildi.
Eslatib o‘tamiz, Osiyo Chempionlar Ligasi 2 musobaqasining 1-turidan o‘rin olgan “Arkadag” – “Andijon” o‘yini 17 sentabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 18:45 da start oladi.