Andijonda «Hokim olimpiadasi» musobaqalariga tantanali start berildi
Andijon Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida sportning dzyudo turi bo‘yicha “Yangi O‘zbekiston – Olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqasi doirasidagi “Hokim olimpiadasi” bahslari yuqori saviyada tashkil etildi.
Nufuzli sport tadbirining ochilish marosimida Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari Komiljon Komilov, viloyat Sport boshqarmasi boshlig‘i O‘tkirbek Toshpo‘latov, O‘zbekiston Respublikasi Milliy Olimpiya qo‘mitasining Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi ijrochi direktori Mashxurbek Kuchkarov, sport sohasi mutasaddilari, tajribali murabbiylar, faxriy sportchilar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Musobaqa davomida yosh sportchilar o‘z mahorati, kuch-g‘ayrati va g‘alabaga bo‘lgan intilishlarini namoyon etdilar. Bellashuvlar murosasiz va qiziqarli bahslarga boy tarzda o‘tib, tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
Yakunda o‘z vazn toifalarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.