Andijon yozgi yig'inni Belarus yoki Gruziyada o'tkazishi mumkin
Xabaringiz bor, ayni paytda “Andijon” jamoasi yozgi ta'tilda. Klub rejaga muvofiq 10 iyundan o'z qarorgohida tayyorgarlik jarayonlari boshlaydi.
Hozirda klub rahbariyati jamoamizni yozgi yig'inni munosib va har tomonlama puxta o'tkazish uchun rejalar ishlab chiqilmoqda. Ya'ni, yozgi yig'in rejasi ikki qismga bo'linadi. Dastlab o'z qarorgohimizdagi mashg'ulot jarayonlari va ikkinchisi xorijdagi yig'in.
Hozirda ikkinchi yig'in o'tkazish uchun Belarus yoki Gruziya variantlari ko'rib chiqilmoqda. Har qanday holatda ham jamoa 23 iyun sanasida xorijga yo'l oladi va u yerda 4 ta nazorat uchrashuvi o'tkazilishi rejalashtirilgan. Barchasi rasman o'z tasdig'ini topishi bilanoq rasmiy ma'lumot taqdim qilinadi.
“Andijon”ning navbatdagi uchrashuvi 18 iyulga belgilangan bo'lib, shu kuni 12-tur doirasida “Bobur arena”da “Surxon”ni qabul qiladi. Ungacha esa jamoa kuchaytirilgan tarzdagi o'quv-mashg'ulot yig'inlarini olib boradi.
Albatta, yozgi seleksiyada tarkibda qanday o'zgarishlar bo'lishi ham ishqibozlarni qiziqtirishi turgan gap. Bu borada ham ayrim yangiliklar yuz berishi ko'zda tutilgan bo'lib, rahbariyat amaliy ishlar olib bormoqda.
Ma'lumot uchun, yozgi transfer oynasi 8 iyuldan ochiladi va 10 avgustga qadar davom etadi.