Andijon yangi mavsum oldidan yangilangan tarkibini tantanali ravishda tanishtirdi
Andijonda yangi mavsum oldidan "Andijon" jamoasining yangilangan tarkibi tantanali tarzda taqdim etildi. "Universal" sport majmuasida o‘tgan tadbir muxlislar ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Bu yil jamoa yangi qiyofa va yuqori maqsadlar bilan maydonga chiqmoqda. Samvel Babayan boshchiligidagi "burgutlar" mavsumga to‘liq tayyor ekani ta’kidlandi. Tadbirda viloyat hokimi Shuxratbek Abdurahmonov ishtirok etib, jamoaga yaratilayotgan sharoitlar va chempionlik yo‘lidagi maqsadlar haqida so‘z yuritdi. Uning ta’kidlashicha, "Andijon" kamida kuchli uchlikdan joy olishi shart.
Marosimda taniqli sharhlovchi Xayrulla Hamidov hamda Turkiyaning "Beshiktosh" klubi vakili Gokan Saribayir va boshqa mehmonlar qatnashdi. "Ultras Burgut" fan-klubi esa tadbir davomida yuqori kayfiyatni ta’minladi.
Viloyat hokimi jamoaga qo‘shilgan 17 nafar yangi futbolchiga ramziy ravishda liboslarni topshirdi. Ular orasida Dragan Cheran, Igor Golban, Ibrohim Yo‘ldoshev, Jamshid Boltaboyev, Azizbek Turg‘unboev va boshqa nomdor futbolchilar bor.
Jamoa nomidan so‘z olgan futbolchilar maydonda natija ko‘rsatishga va muxlislar ishonchini oqlashga va’da berdi. Tadbir yakunida fan-klub raisi Nodirbek To‘ychiev jamoani qo‘llab-quvvatlash davom etishini bildirib, "Andijon" har doim birinchi bo‘lishga intilishi kerakligini ta’kidladi.
