“Andijon” “Xavokand”ga qarshi o'yin uchun tayyorgarlikni boshladi
Islom Ahmedov boshchiligidagi “Burgutlar” “Nasaf” bilan o'tkazilgan o'yindan so'ng bir kun xordiq chiqardi va bugundan navbatdagi uchrashuvga tayyorgarlikni boshladilar.
Ma'lumki, O'zbekiston Kubogi “H” guruhidagi so'nggi 3-tur bellashuvini “Andijon” safarda birinchi liga vakili - “Xavokand”ga qarshi o'tkazadi. 26 may kuni bo'ladigan bo'lajak uchrashuv uchun jamoamiz a'zolari o'z qarorgohida mashg'ulotlarga kirishishdi.
Shuni aytib o'tish lozimki, tarkibimizdagi barcha legionerlarga dam berildi va ular xordiq chiqarish uchun o'z yurtlariga jo'nab ketdilar. Shuningdek, Jamshid Boltaboevda engil jarohat borligi sababli oʼyinni oʼtkazib yuboradi. Ibrohim Yo'ldoshev esa Toshkentda davolanish muolajalarini davom ettiryapti. Bugungi mashg'ulotda ko'rinish bermagan Mahmud Maxamadjonov esa tarkibimizga ertaga qo'shiladi.
Bundan tashqari, O'zbekiston U17 terma jamoasi bilan Osiyo Kubogida qatnashib qaytgan Ahror Ravshanbekov hamda O'zbekiston U20 termasi bilan birga “CAFA” musobaqasida ishtirok etib, g'oliblikni qo'lga kiritgan darvozabonimiz Ne'matulloh Rustamjonov ham safimizga qo'shildilar.
Kubok doirasidagi oxirgi o'yin uchun tayyorgarlik jarayonlariga U21 jamoamizdan Xamidullo Karimov, Fazliddinxo'ja Ubaydullaev, Jamshid Ko'paysinov, Yaxyobek Yuldashaliev, Muhammadrizo Sharifjonov, Shoxjahon Yorqinboev, Ahror Ravshanbekov singari iqtidorli o'yinchilar ham jalb etildi.
Eslatib o'tamiz, “Xovakand” – “Andijon” o'rtasidagi o'yin 26 may kuni Qo'qondagi “Markaziy” stadionda soat 18:00 da boshlanadi.