Andijon Toshkentda Oʻzbekiston U21 bilan o'rtoqlik o'yini o'tkazdi
Toshkentda tayyorgarlik jarayonini oʻtkazayotgan “Andijon” bugun Oʻzbekiston U21 terma jamoasiga qarshi oʻrtoqlik uchrashuvida maydonga tushdi.
Terma jamoalar markazining yopiq manejida oʻtkazilgan bahsda “Burgutlar” 3:1 hisobida gʻalaba qozondi.
Birinchi boʻlimda hisob ochilmadi. Ikkinchi boʻlimda esa Muhammadali Usmonov, Bekzod Sulaymonov va Bektemir Abdumannonov raqib darvozasini ishgʻol qildilar. Raqib safida Nurlan Ibraimov gol urdi.
Shuningdek, terma jamoa safida “Andijon”dan jalb qilingan Saidumarxon Saidnurullayev va Shoxjahon Yorqinboyev ham bellashuvda ishtirok etdilar.
Shu tariqa, “Andijon”ning OCHL 2 doirasida Qatarda “Al-Ahli”ga qarshi muhim oʻyini uchun tayyorgarlik reja asosida davom etmoqda.
Eslatib oʻtamiz, “Al-Ahli” - “Andijon” uchrashuvi 24-dekabr kuni Dohada boʻlib oʻtadi.