«Andijon». Makedoniyaning 11 karra chempioni bizning sparring-raqibimiz
«Andijon» Antaliya yigʻini doirasida tashkil etilayotgan oʻrtoqlik oʻyinlarining navbatdagisiga ham etib keldi.
Jamoa Makedoniyaning eng mashhur klublaridan biri — "Vardar"ga qarshi maydonga chiqadi. Bu jamoa oʻzining boy tarixi va kurashchan oʻyini bilan ajralib turadi. Biz uchun bu oʻyin tayyorgarlik darajamizni sinash va jamoaviy oʻyinni yanada mustahkamlash uchun muhim imkoniyat boʻladi.
"Vardar" Makedoniyaning 11 karra chempioni hisoblanadi. Bu borada “Vardar” oʻz mamlakatida yagona. Yana 6 karra mamlakat Kubogini ham qoʻlga kiritgan.
Skopyening “Vardar” klubiga 1947-yilning 22-iyul kuni asos solingan. Jamoani 51 yoshli Gotse Sedloski boshqarib bormoqda. U 2024-yilning noyabr oyidan beri klubga ustozlik qilmoqda.
Ayni paytda Makedoniya chempionatida 12 ta jamoa ishtirok etadi. Birinchi davradan keyin “Vardar” 42 ochko bilan peshqadam boʻlib turibdi. Shuningdek, bu klub yevrokuboklarda ham qatnashib keladi.
“Andijon” jamoasining “Vardar”ga qarshi bellashuvi 20-yanvar sanasida Toshkent vaqti bilan soat 18:30 da boshlanadi.