«Andijon» klubi yosh chempionlar bilan uchrashdi
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yoshlarning sport bilan muntazam shug'ullanishi uchun qo'shimcha shart-sharoitlar yaratish to'g'risida”gi PQ-443-sonli qarori ijrosi doirasida mamlakatimizda har payshanba — jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida keng nishonlanib kelinmoqda. Mazkur tashabbus nafaqat yoshlarni sportga jalb etish, balki ularning sog'lom va barkamol avlod bo'lib kamol topishiga xizmat qilmoqda.
Ana shu ezgu maqsadlardan kelib chiqqan holda, “Andijon” futbol klubi tomonidan navbatdagi ma'naviy-ma'rifiy va sportga chorlovchi tadbir tashkil etildi. Agar o'tgan haftada klub rahbariyati shahardagi 5-maktab o'quvchilari bilan uchrashgan bo'lsa, bu gal e'tibor klub qoshidagi futbol maktabi tarbiyalanuvchilariga qaratildi.
Klub bosh direktori Ziyodbek Mashrapov boshchiligidagi rahbariyat, Andijon viloyati futbol assosiasiyasi tehnik direktori Orif Mamatkazin va fan-klub raisi Nodirbek Yoʼychiyev yosh futbolchilar bilan samimiy muloqot o'tkazdilar. Uchrashuv davomida nafaqat sportdagi yutuqlar, balki intizom, mehnatsevarlik va katta maqsadlar sari intilish kabi muhim jihatlar haqida ham fikr almashildi.
Ayniqsa, yaqinda O'FA huzuridagi futbol maktablari o'rtasida o'tkazilgan O'zbekiston chempionatida 2014-yilda tug'ilgan (U-12) yosh toifasida “Andijon FM” jamoasining faxrli 2-o'rinni qo'lga kiritgani alohida e'tirof etildi. Bu natija — yoshlar mehnati, murabbiylar sabri va klub tomonidan yaratilgan sharoitlarning samarasi sifatida baholandi.
Shu munosabat bilan klub rahbariyati yosh chempionlarni munosib taqdirlab, ularga esdalik sovg'alarini topshirdi. Eng muhimi, ularga kelgusi faoliyatida yanada yuqori marralarni zabt etish uchun kuchli motivasiya berildi.