Andijon jamoamiz yangi mavsumga katta maqsadlar bilan kirib kelmoqda
Maʼlumki, "Andijon" jamoamiz yangi mavsumga katta maqsadlar bilan kirib kelmoqda. Bu mavsumda asosiy maqsad — sovrindorlar safidan munosib oʻrin egallash va muxlislar ishonchini amaliy natijalar bilan oqlash. Shu yoʻlda jamoa hozirda Antaliya shahrida juda jiddiy, puxta va maqsadli tayyorgarlik jarayonlarini olib bormoqda.
Bu tayyorgarlik nafaqat jismoniy mashgʻulotlar, balki jamoaviy ruh, intizom va gʻalabaga boʻlgan ishonchni yanada mustahkamlashga qaratilgan. Har bir mashq, har bir oʻyin orqali "Andijon"ning kelajakdagi muvaffaqiyatli qiyofasi qurilmoqda.
Aynan shu maqsadda jamoani qoʻllab-quvvatlash, tayyorgarlik jarayonlarini yaqindan kuzatish va birdamlikni amalda namoyon etish maqsadida "Andijon" klubi rahbariyati - bosh direktor Ziyodbek Mashrapov, klub sport direktori Elbek Samatov, Andijon viloyati futbol assosiatsiyasi vitse-prezidenti Bekzod Karimov hamda fan-klub raisi Nodirbek Toʻychiyev Antaliya shahriga yetib kelishdi.
Bu tashrif — jamoaga boʻlgan ishonch, eʼtibor va katta masʼuliyat belgisi. Rahbariyat, mutaxassislar va muxlislar bir maqsad atrofida birlashgan holda" Andijon" jamoasini yangi mavsumda yanada yuqori pogʻonalarga olib chiqishga bel bogʻlagan.
Birdamlik bor joyda gʻalaba boʻladi. "Andijon" — bu faqat jamoa emas, bu — bir oila, bir ishonch, bir maqsad. Oldinda bizdan katta natijalar kutib turibdi!