locale OZ

Andijon futboliga katta ishonch — Ermatov klub bazasini yuqori baholadi

Bu yerda iqtidorli futbolchilarni tarbiyalash uchun yaratilgan sharoitlarga alohida e'tibor qaratdi.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Andijon futboliga katta ishonch — Ermatov klub bazasini yuqori baholadi
Фото: Андижон ПФК

Superkubok bahsi oldidan Andijon shahriga tashrif buyurgan Oʼzbekiston futbol assosiasiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov viloyat futbolida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

Tashrif doirasida u avvalo bolalar va o'smirlar futboliga qaratilgan infratuzilmalarni ko'zdan kechirdi. Ermatov futbol maktabi, akademiya va yoshlar tayyorgarligi jarayonlari bilan tanishar ekan, bu yerda iqtidorli futbolchilarni tarbiyalash uchun yaratilgan sharoitlarga alohida e'tibor qaratdi.

Shuningdek, tashrif davomida ayollar futboli rivojiga ham nazar tashlandi. Bu yo'nalishda amalga oshirilayotgan ishlar va jamoalar faoliyati haqida mas'ullar tomonidan ma'lumot berildi. Ermatov bu sohadagi harakatlarni yuqori baholab, ayollar futboli kelajagi uchun bunday ishlar juda muhim ekanini ta'kidladi.

Tashrifning eng ta'sirli qismi esa PFK Andijon klubining yangi bazasi bilan tanishuv bo'ldi. Ermatovga milliy terma jamoamiz murabbiylar shtabi hamrohlik qildilar. Zamonaviy talablar asosida barpo etilgan baza mehmonlarda katta taassurot qoldirdi. Ermatov yaratilgan sharoitlar futbolchilarning o'sishi va jamoaning kelajakdagi muvaffaqiyatlari uchun mustahkam poydevor bo'lishini ta'kidladi.

Shu yerda Ravshan Ermatov jamoa futbolchilari bilan ham uchrashib, ularga bo'lajak o'yinlarda omad tiladi. U futbolchilarni yuqori maqsadlar sari intilishga chaqirdi va muxlislar ishonchini oqlash zarurligini alohida ta'kidladi.

Tashrif davomida Ermatovga klub rahbariyati, viloyat futbol assosiasiyasi mas'ullari va fan-klub aʼzolari hamrohlik qildilar. Ular Andijon viloyatida futbolni yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusi rejalar haqida ham ma'lumot berishdi.

Roziqjon Sultonmurodov
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting