\"Andijon\" FIFA kunlarida Xo‘jandda yig‘in o‘tkazadi
Bitta o‘rtoqlik uchrashuvi ham o‘tkaziladi
Photo: UzPFL
FIFA kunlari munosabati bilan Superligamizda kichik tanaffus yuzaga keldi.
Xabaringiz bor, O‘zbekiston terma jamoasi 5 hamda 10 iyun kunlari jahon chempionati yo‘lida muhim uchrashuvlarini o‘tkazadi.
“Andijon” jamoasi esa 27 may kuni Superkubok o‘yinini o‘tkazganidan so‘ng qisqa muddatli hordiq chiqarmoqda.
Keyingi turni 13 iyun kuni safarda “Buxoro”ga qarshi o‘tkazamiz. Oralig‘idagi kunlardan unumli foydalanish maqsadida jamoamiz Tojikistonning Xo‘jand shahrida yig‘in o‘tkazadi.
Maksim Shatskix boshchiligidagi jamoa a’zolari 31 may kuni Xo‘jandga jo‘nab ketadi va u yerdagi mashg‘ulotlar 12 iyunga qadar davom ettiriladi. Shuningdek, bitta o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.