Andijon. \"Bobur arena\"ning ba'zi bir sektorlariga taqiq qo'yildi
Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi Tartib-intizom qoʻmitasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda soʻnggi turlar doirasida boʻlib oʻtgan uchrashuvlardagi intizomiy ishlar koʻrib chiqildi.
Superliga
“Andijon” — “Surxon” / “Andijon” — “Dinamo”
O‘zbekiston kubogi 1-turi doirasidagi “Andijon” — “Surxon” uchrashuvi davomida muxlislar tomonidan har xil jismlar va yelim idishlar maydonga uloqtirilgan holatlar qayd etilgan.
Shuningdek, Superliga chempionatining 6-turi doirasidagi “Andijon” — “Dinamo” uchrashuvi davomida muxlislar tartibsizliklar kelitirib chiqarib, maydonga turli xil jismlar uloqtirishgan va o’yinning 88-daqiqasida muxlislar uloqtirgan jism yordamchi hakamning boshiga tegib, unga tan jarohati yetkazgani qayd etilgan.

O‘zaro muhokamalardan so‘ng “Andijon” klubining kelgusi uy uchrashuviga stadiondagi tribunalarga tomoshabinlarning kirishiga qisman taqiq qo‘yish hamda jarima intizom choralarini qo‘llash lozim topildi. Bu kabi holatlar takrorlangan taqdirda “Andijon” klubining uy uchrashuvini to‘liq tomoshabinlarsiz o‘tkazish intizom chorasini qo‘llash to‘g‘risida ogohlantirish berilishi belgilandi.
Tartib-intizom qo‘mitasi qaroriga ko‘ra, “Andijon” futbol klubining kelgusi uy uchrashuvida “Bobur arena” stadionining 1, 1A, 2, 3, 4, 14, 15, 16, 17, 18, 19, 20, 30, 31, 32-sektorlari, shuningdek VIP tribuna ostidagi o‘rindiqlarga tomoshabinlarning kirishiga taqiq qo‘yildi va klubga nisbatan jarima intizom chorasi qo‘llanildi.