«Andijon» Antaliyadagi yigʻinni uch bosqichda oʻtkazadi
“Andijon” jamoasi bugundan yangi mavsum uchun tayyorgarligini boshladi.
Dastlabki ikki kun mobaynida jamoasi aʼzolari Toshkentda shugʻullanishadi va bugungi kun rejasiga binoan futbolchilar trenajyor zalida va maydonda shugʻullandilar.
Taʼkidlash joizki, yangi shartnoma imzolagan futbolchilardan Rahimjon Davronov, Jamshid Boltaboyev, Islom Toʻxtaxoʻjayev, Odil Abdumajidov, Ibrohim Yoʻldoshev, Humoyunmirzo Iminov, Aleksandr Andronikashvili hamda Nemanya Chalasan jamoamiz ixtiyoriga qoʻshildilar.
Dragan Cheran, Igor Golban va Imeda Ashortia esa jamoamizning Antaliyadagi yigʻiniga yetib keladilar.
Tabiiyki, yangi mavsum uchun asosiy tayyorgarlik jarayoni Turkiyaning Antaliya shahrida boʻlib oʻtadi.
7-yanvar-18-fevral kunlari oraligʻida oʻtkaziladigan oʻquv-mashgʻulot yigʻini uchta bosqichni oʻz ichiga oladi.
Demak, birinchi bosqich: 7-21-yanvar, ikkinchi bosqich: 24-5-fevral hamda uchinchi bosqich: 5-18-fevralni oʻz ichiga oladi.
Shuningdek, Turkiyada xorij klublariga qarshi 10 ta oʻrtoqlik uchrashuvi rejalashtirilgan. Tez orada raqiblar haqida ham maʼlumot taqdim etamiz.
Jamoada seleksiya jarayoni davom etmoqda va tarkibimizni yana yangi, mahoratli futbolchilar bilan kuchaytirish ishlari olib borilmoqda