Anchelotti Neymarni JCh-2026 tarkibiga kiritdi, ammo unga qatʼiy shartlar qoʻydi
Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti «Santos»ning 34 yoshli hujumchisi Neymarni 2026 yilgi Jahon chempionati uchun yakuniy roʻyxatga kiritdi. Maʼlumotlarga koʻra, mutaxassis futbolchi bilan bogʻlanib, uning terma jamoaga qaytishi uchun qatʼiy talablarni belgilab olgan.
Anchelotti Neymarga u asosiy tarkib futbolchisi boʻlmasligi va sardorlik bogʻichidan mahrum etilishini maʼlum qilgan. Shuningdek, hujumchi oʻzidagi 10-raqamli libosni Vinisius Juniorga topshirishi hamda ijtimoiy tarmoqlardagi faollikni cheklash kabi yangi ichki intizom qoidalariga rioya qilishi shart. Tajribali forvard bu shartlarning barchasini toʻliq qabul qilgan.
Neymar murabbiyning qarorlarini tabassum bilan qarshilagan va boʻlajak turnirda terma jamoaga foyda keltirish uchun bor kuchini ishga solishga vaʼda bergan. Futbolchining yangi shartlarga soʻzsiz rozi boʻlgani bosh murabbiyning uni 26 talik yakuniy qaydnomaga kiritishiga asosiy sabab boʻlgan.
Eslatib oʻtamiz, JCh-2026 guruh bosqichida Braziliya terma jamoasi Marokash, Gaiti va Shotlandiyaga qarshi bahs olib boradi. Maʼlumot uchun, Neymar Braziliya terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi toʻpurar hisoblanadi (79 ta gol).