Anchelotti Endrikka o‘zi ishlagan penaltini tepishni taqiqladi. Yosh yulduz esa haqiqiy klass ko‘rsatdi
Anchelotti Endrikka o‘zi ishlagan penaltini tepishni taqiqladi. Yosh yulduz esa haqiqiy klass ko‘rsatdi.
Endrik Xorvatiya terma jamoasiga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvida 14 daqiqa harakat qildi. O‘yinning 88-daqiqasida, hisob 1:1 bo‘lib turgan paytda «Lion» hujumchisi penalti ishladi — jarima maydonchasi ichida Yosip Shutalo yosh futbolchini yiqitdi.
Endrik to‘pni qo‘liga olib, nuqtaga yaqinlashdi va o‘n bir metrlik jarima zarbasini o‘zi ijro etishga tayyor edi. Biroq murabbiylar o‘rindig‘idan ko‘rsatma keldi: penaltini Igor Tiago tepishi kerak.
Endrik haqiqiy professionallik namoyish etdi — ortiqcha gap-so‘zlarsiz to‘pni sherigiga topshirdi va zarba oldidan tribunalardan jamoadoshini qo‘llab-quvvatlashni so‘radi.
Tiago braziliyaliklarni hisobda oldinga olib chiqdi, 92-daqiqada esa Endrik Gabriel Martinellining goliga assistentlik qildi. Braziliya 3:1 hisobida g‘alaba qozondi.
Anchelotti o‘yindan so‘ng nima uchun Endrikka o‘zi ishlagan penaltini tepishga ruxsat bermaganini tushuntirdi: «Bu o‘yin uchun Mateus Kunya penaltichi etib tayinlangan edi. U maydonni tark etgani sababli, bu vazifa Igor Tiagoga o‘tdi. Biz penaltilar ustida ishlaganmiz, Igor mashg‘ulotlarda juda yaxshi harakat qilgandi».
Endrik esa o‘yindan keyin italiyalik mutaxassis bilan munosabatlari a’lo darajada, hatto do‘stona ekanini aytdi. Hech qanday xafagarchilik yo‘q.