Anchelotti Braziliya bilan shartnomani yana toʻrt yilga uzaytirmoqchi
Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti Janubiy Amerika grandi bilan amaldagi shartnomasini uzaytirish niyatida ekanligini ma’lum qildi. Tajribali mutaxassis terma jamoadagi faoliyatidan mamnunligini yashirib o‘tirmadi.
«O‘ylashimcha, Braziliya bilan shartnomamni yana to‘rt yilga uzaytiraman. Bu men uchun yangi ish va u menga juda yoqmoqda», — deya Anchelottining so‘zlarini keltirmoqda Movistar.
Italiyalik mutaxassis 2025 yilning may oyidan buyon «pentakampeonlar»ni boshqarib kelmoqda. O‘tgan davr mobaynida u jamoa bilan 8 ta o‘yin o‘tkazib, 4 ta g‘alaba, 2 ta durang va 2 ta mag‘lubiyat qayd etdi.
Oldinda Anchelottini faoliyatidagi eng jiddiy sinovlardan biri — JCh-2026 kutmoqda. Mazkur turnirda Braziliya terma jamoasi «C» guruhidan joy olgan bo‘lib, guruh bosqichida Marokash, Shotlandiya va Gaiti termalariga qarshi bahs olib boradi.
Eslatib o‘tamiz, «Papa Karlo» terma jamoaga kelgunga qadar «Milan», «Real Madrid», «Yuventus», «PSJ», «Bavariya», «Everton» va «Napoli» kabi Yevropa gigantlarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritgan.