Amerikalik investorlar «Napoli»ni sotib olmoqchi
Amerika konsorsiumi «Napoli» klubini sotib olishga faol urinmoqda. The Athletic xabariga koʻra, ayni paytda «Underdog Global Partners» (UGP) investorlar guruhi muzokaralarni davom ettirmoqda. Garchi klub xoʻjayini Aurelio De Laurentis neapolliklarni sotishni rejalashtirmagan boʻlsa-da, bu holat UGPʼni fikridan qaytargani yoʻq. Tomonlar oʻrtasidagi muzokaralar mana olti oydirki davom etmoqda.
UGP kompaniyasi Italiya sportiga begona emas, ularning bu mamlakatda oʻz investitsiyalari mavjud. Xususan, kompaniya Italiya uchinchi divizioni vakili «Kampobasso» klubining majoritar (nazorat) aksiyalar paketi egasi hisoblanadi. Shuningdek, oʻtgan yilning may oyida UGP «Napoli» basketbol jamoasining ham nazorat aksiyalarini sotib olgan edi. Konsorsium 2027 yilda start olishi kutilayotgan NBA shafeligidagi Yevropa Ligasida ishtirok etish uchun ariza topshirishni rejalashtirgan. Shunday qilib, futbol va basketbol jamoalarini yagona koʻpsportli (multisport) tuzilma ostida birlashtirish koʻzda tutilgan.
UGP taqdim etgan taklifda infratuzilmaga jiddiy sarmoya kiritish, jumladan, «Diego Armando Maradona» stadionini xususiylashtirish hamda rekonstruksiya qilish majburiyati ham oʻrin olgan. Biroq manbaning taʼkidlashicha, bir nechta bahsli bandlar sababli muzokaralar hozircha boshi berk koʻchaga kirib qolgan. Shunga qaramay, UGP oʻzaro kelishmovchiliklarni bartaraf etishga va De Laurentis bilan muloqotni qayta tiklashga umid qilmoqda.