Alvaro Arbeloa: «Ronalduning natijalarini kimdir yangilay olsa, bu faqat Mbappe bo‘ladi»
Madridning «Real» klubi bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa jamoa hujumchisi Kilian Mbappeni dunyoning ayni damdagi eng yaxshi futbolchisi deb atadi va fransiyalik forvard «qaymoqranglilar»ning sobiq yulduzi Krishtianu Ronaldudan o‘zib ketishi mumkinligini ta’kidladi.
— «Real» murabbiyi sifatida ixtiyoringizda Mbappe borligi siz uchun nimani anglatadi va u Ronalduning natijalaridan o‘za oladimi?
«Bu men uchun ulkan omad, chunki ayni damda u dunyoning eng yaxshi futbolchisi va buni kundan-kunga, o‘yindan-o‘yinga isbotlab kelmoqda. Avval ham aytganimdek, Krishtianuning yutuqlari o‘zga sayyoraliklardek, hech kim erisha olmaydigan cho‘qqidek tuyulardi. Mbappening oldida hali uzoq yo‘l turibdi, chunki Krishtianu bu yerda ko‘p yillar davomida o‘ynagan. Ammo Kilianda uning izidan borish uchun barcha sharoitlar mavjud va u Ronaldudan o‘zib keta oladimi-yo‘qmi, buni vaqt ko‘rsatadi. Lekin agar buni kimdir uddalay olsa, u faqat Kilian bo‘ladi», — deya Arbeloaning so‘zlarini keltirmoqda «Real» rasmiy sayti.
Joriy mavsumda Mbappe barcha musobaqalarda 31 ta o‘yinda ishtirok etib, o‘z hisobiga 38 ta gol va 5 ta samarali uzatmani yozdirib qo‘ydi. Fransiyalik futbolchi 2024 yildan buyon Madrid klubi sharafini himoya qilib kelmoqda. Uning klub bilan shartnomasi 2029 yilga qadar mo‘ljallangan.