Alvaro Arbeloa mavsum yakunida «Real Madrid»ni tark etishi mumkin — manba
Madridning «Real» klubi bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa joriy mavsum yakunlangach, o‘z lavozimidan ozod etilishi mumkin. Bu haqda Ispaniyaning AS nashri xabar bermoqda.
Manbaning ta’kidlashicha, mutaxassisning kelajagi jamoaning Yevropa Chempionlar Ligasidagi ishtirokiga bog‘liq bo‘lib turibdi. Ispaniya La Ligasining 30-turida «Malyorka»dan uchralgan mag‘lubiyatdan (1:2) so‘ng, «qirollik klubi»ning chempionlik uchun kurashi ancha murakkablashdi. Shu sababli, rahbariyat murabbiyning keyingi mavsumda qolish-qolmasligi bo‘yicha yakuniy qarorni qit’a miqyosidagi turnir natijalariga ko‘ra qabul qiladi.
Arbeloa «Real Madrid» boshqaruviga kelganidan buyon o‘tkazilgan 18 ta uchrashuvning 5 tasida mag‘lubiyatga uchradi. Shunga qaramay, klub rahbariyati mutaxassisning kiyim almashtirish xonasidagi faoliyatini yuqori baholamoqda. Xususan, u Vinisius Junior, Jud Bellingem va Federiko Valverde kabi yetakchi futbolchilar bilan munosabatlarni barqarorlashtirishga hamda akademiya tarbiyalanuvchilariga asosiy tarkibda imkoniyat berishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq so‘nggi mag‘lubiyat jamoaning ijobiy sur’atini pasaytirib yubordi.
Ispaniya chempionatining 30-turidan so‘ng, «Real Madrid» 69 ochko bilan turnir jadvalida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi. Jamoa peshqadam «Barselona»dan 7 ochko ortda qolmoqda.